Muqimiy Muqimiy Kim desun Ul tag’ofulpeshag’a holi xarobim kim desun? Hajrida mundog’ meni ko’rgan azobim, kim desun? Kunduzi bir yerda bir dam olmay oromu qaror, Lahzae yo’q kechalar ko’zlarda xobim, kim desun? O’z ko’mochig’a, masalkim, tortadur kul har kishi, Bas, kuyub ishqida chekkan iztirobim, kim desun? Kuymagan bo’lsa birov mehru muhabbat o’tig’a, Sham’dek to subh o’rtab tabu tobim, kim desun? Hamnishindurlar ulug’larga xushomadgo’ylar, Yo’lida jononimi xayru savobim kim desun? Gar qilich boshimg’a ham kelsa, degayman rostin, So’zki haq bo’lsa, savolimg’a javobim, kim desun? Do’stlar, so’rsang g’izosidin Muqimiy, erta-kech, Qon sharob ichsam, jigarlardur kabobim, kim desun? Navbahor. Ochildi gullar, sabza bo‘ldi bog‘lar... Navbahor. Ochildi gullar, sabza bo‘ldi bog‘lar, Suhbat aylaylik kelinglar, jo’ralar, o’rtoqlar. Xush bu mahfilda tiriklik ulfat-u ahbob ila, O’ynashib, gahe tabiatni qilaylik chog’lar. Rux ochib ko‘zdin nihon bo‘lsa paridek naylayin, Ayrilib hush-u aqldin telba bo‘lmay sog’lar. Xayfkim ahli tamiz ushbu mahalda xor ekan, Oldilar har yerda bulbul oshyonin zog’lar. Marham istab kimsadin, zaxmi dil izhor aylasang, Choraye qilmoqdin o‘zga, ustiga tirnog’lar. Tobakay mundog’ malomat kunjida doim Muqim, Bu zamon ko‘z tutgin emdi senga bo‘lsun tog’lar. Oshiq bo’libman, ey yori jonim... Oshiq bo’libman, ey yori jonim, Vaslingni izlab, yo’qdur majolim. Bir yo’qlamaysan kuygan qulingni, Ko’zlari jallod, nozik niholim. Rahm ayla manga, ey bag’ri qattiq, Diydam to’la qon, ey sho’xi zolim. Lab tashnalarga ayla nazora, Qaddi chu shamshod qoshi hilolim. Olding ko’ngulni bir-ikki so’zlab, Devona bo’ldim, to’ti maqolim. Har dam kuyarman, yodimga tushsang, Bir ko’rmaguncha yo’qdur majolim. Necha zamondur, ko’zdin nihondur, Oshiq Muqimiy, ey xasta holim. Sayohatnoma Qo'qondan Shohimardonga Faryodkim, garduni dun Aylar yurak bag‘rimni xun, Ko‘rdiki, bir ahli funun – Charx anga kajraftor ekan. Qolmay shaharda toqatim, Qishloq chiqardim odatim, Xohi yayov, bo‘lsun otim, Goh sayr ham darkor ekan. “Ultarma”ga qildim yurush, Yo‘ldosh edi bir chitfurush, Etdim jadallab vaqti tush, Bir dam qiziq bozor ekan. Bir ma’raka ko‘rdim butun, Ja’mi yopingan boshga to‘n, Boqsamki, besh yuzcha xotun, Voiz so‘zin tinglor ekan. Mingboshilik kimning ishi, Desam, dedi bedonishi, Bir “Qo‘shtegirmon”lik kishi, Xo‘ja Iso badkor ekan. Mag‘rur, xasisu beshu kam, Har gapda yuz ichgay qasam, Takjoy olur moxovdan ham, Hoji o‘zi murdor ekan. “Do‘rmoncha”ga ketdim o‘tub, Yoqamni har soat tutub, Yotdim ul oqshom g‘am yutub, Dashti qaroqchizor ekan. Unda bo‘lus G‘ozi dedi, Ham mufti, ham qozi dedi, Yurt barcha norozi, dedi, Qilg‘on ishi ozor ekan. Boz izdihomi voizi, Badkayf, ochilmas ko‘zi. Yuqori boshidin tizi, Ermaklari ko‘knor ekan. So‘rsam, dedilar: “Bo‘rbaliq”, Birmuncha echkilar ariq, Kelsa kishi yeyar tariq, Shomu sahar tayyor ekan. “Oq yer”din o‘tdim, boylari – Oliy imorat joylari, Mehmonsiz o‘tkay oylari, Kelsa birov nochor ekan. Ammo nazarda “Roshidon”, Firdavs bog‘idin nishon, O‘ynab oqar obi ravon, Sahni gulu gulzor ekan. Ma’yus bordim “Zohidon”, Bir ko‘cha ketguncha do‘kon, Sho‘x odami, ichmay piyon, Mast, otasi bezor ekan. Suvlar sepilgan so‘rilar, Bo‘rlangan o‘choq-mo‘rilar, Tab’ing mabodo choy tilar, Damlashlari ishqor ekan. “Oltiariq” qursin o‘shal, Sellarda qoldim bir mahal, Bo‘ldim ivib, yomg‘urda shal, To‘n shilta, ho‘l ezor ekan. Mingboshisi so‘finamo, Tasbehu bo‘ynida rido, Cho‘qub qochar zog‘i alo Bir dog‘uli ayyor ekan. Xayru soho vajhiga kar, Bir pulni yuz yerdin tugar, Kelsa gadoy nogah agar, Bir non chiqish dushvor ekan. Ko‘rdim chuqur “Chimyon” erur, Er ostida zindon erur. Dushmanlari mehmon erur, Bog‘i uning tutzor ekan. Vodil maqomi dilfizo Ko‘chalaridur dilkusho, Anhorida obi safo, Sebarga obishor ekan. Qo'qondan Farg'onaga Chun shahrdin chiqdim «Qudash», Ko‘ngul bo‘lub mahzun-u g‘ash, Majnunsifat, devonavash, Serchashma-yu kam chang ekan. «Yayfan» agarchi xush havo, Odamlari yengilnamo, Bir-birlari-la doimo Bo‘lar-bo‘lmasga jang ekan. «Nursux» kabi bir joy kam, Tushmay o‘tib qildi alam, Olma, anor o‘rniga ham Bog‘ida tok-u zang ekan. Ko‘p odamidin «Beshariq», Bog‘larda ekmishlar tariq. Etim haqi — go‘shti baliq, Qilmishlari nayrang ekan. Charchashni bilmas yursalar, Purzo‘r ketmon ursalar, Vaqti namozga kelsalar, Masjid soriga lang ekan. «Rafqon» ajoyib joy ekan, Bir ko‘cha ketgan soy ekan, Salqin supa hoy-hoy ekan, Kim ko‘rsa hang-u mang ekan. Ozodadin to‘pori ko‘p, Dukchisidin attori ko‘p, Choyxo‘ridin ko‘knori ko‘p, Bir rasta nos-u bang ekan. Ayvonchalar misli katak, Bir yo‘lki, odam siqqudak, Chit birla bir yerda alak, Bozori tor-u tang ekan. Xuftonda kirdim bir do‘kon, Qildi ashula bir juvon, Eshak demang, undin yamon, Hangrarda yaxshi hang ekan. Qiyg‘ir ko‘targon uch yigit, Uxlatmadilar bir minit, Ham boshda tong otquncha it G‘ingshib chiqib, vang-vang ekan. Aylay sayohat endi bas, «Konibodom» qilmay havas, Har yerda yotgan xor-u xas, Ko‘zga tikan yakrang ekan. Qo'qondan Isfaraga Aflok kajraftor uchun, Har dam ko‘ngul afgor uchun, Ho‘qand tang-u tor uchun, Sahro chiqish darkor ekan. Bordim shahardin «Yakkatut», Baqqoli duzdi badburut, Bir tanga sotkay bir qurut, Insofi yo‘q, tarror ekan. Qishloq juvoni yig‘lishib, Issig‘da o‘ynashgay pishib, O‘tgan tamoshobin tushib, Seshanba kun bozor ekan… Mingboshi Eshdavlat akam, Ammo quruq savlat akam, Qilsa chiqim gar bir diram, Uyqu qochib, bedor ekan. «Yayfan» kabi tolzor kam, Yo‘q soyasida zarra g‘am, Zebo sanam, qoshi qalam Jononlari bisyor ekan. Do‘g‘malari ham xo‘b bajo, Volosnoyi uhdaburo, Yurt ishlarini doimo Xayriyatin ko‘zlor ekan. «Nursux» kabi ham yurt yo‘q, Bog‘dor-u dehqon qorni to‘q, Masjidlari ham ko‘p uluq, Turfa farah osor ekan. «Rafqon»ni bozor joyi tang, Mullolari chaqqon, garang, Omilari ham mullarang, Ko‘ylak kiyib, dastor ekan. Gar mevasi bir tup sotar, Bir pulni yuz yerdin tugar, Bersa gadoga non agar, Ming yilda ham dushvor ekan. Ammo «Raboti» bachchag‘ar, Yo‘q hech odamdin asar, Bir podajoyi gov-u xai, Chun og‘uli tayyor ekan. Du bora yurdim dashtlab, Bodom koniga qarab, Mirza Umarni so‘rag‘lab, Havlisida najrjor ekan. Bo‘lg‘ay o‘shal Burhon omon, Yaxshi yigitdur begumon, Xursand qildi nogahon, Mingboshi Xol sarkor ekan. Armonki, ko‘prak yurmadim, Bir-ikki hafta turmadim, «Tikka Rabot»ni ko‘rmadim, Purfayz buzrukvor ekan. Ma’yus chiqdim «Isfara», Dil xasta, majruh-u yara, Issiqqa kuygan qop-qora, Olti jihat ko‘hsor ekan. Anhor-u soy-u cho‘llari, O‘ynab kelodur suvlari, Shirinki zardolulari, Qand-u asal bekor ekan. Shersiz emasdur beshalar, Bordur saxovatpeshalar, Qilmang yomon andeshalar, Yaxshilari ham bor ekan. Hoji Zuhur ham o‘rdada, Sarhavzalar, oliy sada, Borsa agar bir g‘amzada, Jonig‘acha esor ekan. Boyvachchasidur badburush, To‘g‘ri so‘zi achchig‘-turush, Sil, eski bachcha, choyfurush, Hofiz Umar, Qahhor ekan. Bo‘lma halovatga kasal, Olamda yo‘q benish asal, Beshak mukofoti amal, Dunyo qurulg‘on dor ekan. Alhamdulillo, bexatar, Keldim, Muqim, aylab safar, Muztar qolib, ko‘rmay zarar, Haq bandasiga yor ekan. Tanobchilar Bo‘ldi taajjub qiziq hangomalar, Arz etayin emdi yozib nomalar, Adl qulog’ila eshit holimi Zulm qilur, baski, menga zolimi, O‘n ikki oyda keladur bir tanob, O‘zgalara rohat-u menga azob. Sulton Ali Xo‘ja, Hakimjon ikav, Biri xotun, birisi bo‘ldi kuyav. Ikkalasi bo‘ldi chunon ittifoq, Go‘yo xayol aylaki, (qilmay nifoq), Osh yesalar o‘rtada sarson ilik, Xo‘ja chirog’ yog’i, Hakimjon pilik. Bir-birisiga solishurlar o’run, Erta-yu kech o’pushib og’iz-burun. Sallalari boshlarida oq savat, Ko‘rpacha tagda hama vaqt uch qavat. Birlari mo‘ltoninamo, hiylagar, Birlaridur kunda pix-u gavda xar. Og’izlari maqtanib o‘n besh qarish, Mayda suxan, ezma (churuk), zanchalish. Qaysiki qishloqqa tushar otidin, Elni yig’ib, voqif etar zotidin. Derki: «Ko‘zungga hali kal jojaman, Maxdumi a’zamlik o‘zim Xo‘jaman. Bizga bobo hazrati Shohlig’ mazor, Muxlisimiz mardumi ahli diyor. Ham yana Erxubbi bo‘lodur tag’o, Ammamizning erlaridur Nurato. Bibi Ubayda bo‘ladur xolamiz, Goh kelur erdi kichik bolamiz. Xizr otamlarga burodar erur, Chimlig‘ azizlar menga dodar erur. Garchiki men olim-u shayxi zamon, Qirqingiza emdi beray bir qozon. Manki tanobingg‘a chiqibman kelib, Xizmatimi yaxshi qilinglar bilib. O‘t qo‘yubon kuyduradurg’on o‘zim, Hokiming-u o‘lduradurg’on o‘zim. Xoh tanobingni du chandon qilay, Xoh karam birla boshingni silay». Xo‘ja so‘zini munga bermay qaror, Mardumi sahroyi bo‘lur beqaror. Derki Hakimjon: «Ayo oqsoqol, Bizni topibsan magaramkim o’sol?» «Hozir etib to‘rt nafar mardikor, To’g’ri qil oldimga qilibon qator. Arqonimi yeringa sudrab chiqay, Bachchataloq qishloqilarni (uray), Bir burayin mo’ylabimni chiqib, Tort tanobini jazosi siqib! Yaxshiligingni fuqaro bilmag‘ay, Hali bular ko‘zga bizi ilmag‘ay. Ikki tanobini qilay o‘n tanob, Yurtingizi kuydurub aylay xarob. Xoh o‘ling, xoh qoling, bachchag‘ar», Debki, uzanguga ayog’in tirar. Bir-biriga qishloq eli boqishib, Goh u yon, goh bu yon chopishib. Jam bo‘lishib aylayubon maslahat. –«Do’g‘mag‘a, –der, bir nima berib jo‘nat». Aqcha qo‘lida iki-uch mo’ysafid Derki: «Bu nazringiz-u, bizlar murid». Zulm bilan ellig-u yuzni olur, Boz tanobini duchandon solur. Tag’i bular yaxshi-yu bizlar yomon, El tamizidin hazar et, al’amon. O‘zga yana g‘ussa budurkim, deyin, Shunchaki bir qissa bulardin keyin; Qo’shti Jalolxon degan o‘g‘lin manga, Dedi: «Ruqum o’rgatadursiz siz anga». Yukladi o‘g‘lini manga muxtasar, Bu dag’i ortiqcha (menga dardisar)... So‘zni, Muqimiy, kerak etmak tamom, Mazzasi qolmas uzun o‘lsa kalom. Toleim Ohkim, afsus, emas har ishda rahbar toleim, Vojgundur, imtihon qildimki, aksar toleim. Yuz tarafdin yetkurub gardi kudurat, zangi g‘am, Aylagay oinayi tab’im mukaddar toleim. Har necha qilsam tavallo – zori qilmas, iltifot, Ro‘yigardon teskari, tobora badtar toleim. Ro‘zgorim tiyra, iqbolim zabun, baxtim qaro, Bo‘lsa ravshan, bormukin tadbiri digar toleim? Nogahon bersam, Muqimiy, bir musulmonga salom, Daf’atan ikki qulog‘ini qilur kar, toleim. Zulm ila qahru g‘azab izhor qilmoq shunchalar... Zulm ila qahru g‘azab izhor qilmoq shunchalar, Oshiqi bechoraga ozor qilmoq shunchalar. Gul debon sevgon kishining ko‘kragiga nish urib, Xasta-yu ma’yus etib, afgor qilmoq shunchalar. To‘tiyi shirinsuxan ag‘yorlarning bazmida, Bizga kelganda gapirmay, zor qilmoq shunchalar. Sizga kim aydi: muhabbat ahlini qil ihtisob, Qo‘rqutib o‘y aybiga iqror qilmoq shunchalar. Garchi kelsa, eski to‘n, bizdek duogo‘yi faqir, Kambag‘alning xirqasidan or qilmoq shunchalar. Har balo-yu, jabr kelsa, yonmagay hargiz, Muqim, Oshiq ahlini urubon xor qilmoq shunchalar. — Source: https://wikisource.org (works of Muqimiy). Downloaded from uzbekai.com.