Manga, ey bodi sabo zulfi sulmansodin gapur... Mushrif Manga, ey bodi sabo zulfi sulmansodin gapur, Jon labimga yetdi ul la’li shakarxodin gapur. Kavsaru tubiy hadisin dema ey voiz, manga Ul labi jon baxsh ila bul qaddi bolodin gapur. Garchi gulshan ichra qo‘yding, soqiyo, maxmurmen G‘unchai gul vasfin etma jomi miynodin gapur. Gul ila sunbul so‘zini so‘ylama, ey bog‘bon, Manga gul ruxsor ila zulfi mujarrodin gapur. O‘zga butlardan hikoyat qilma, ey qosid manga Istasang avval o‘shal bebok tarsodin gapur. Ey ki, aylarsan hikoyat vasfi jononim maning Avval ul ruxsori ra’no chashmi shahlodin gapur. Ishq aro ranjurmen unnobi vasfin aylabon Ey hakim, injitma ko‘p lali masihodun gapur. Bir kun ul mahvashni ko‘rsang bo‘lma xomush, ey ko‘ngul Mushrifi devonai majnunu shaydodin gapur. — Source: https://wikisource.org/wiki/Manga%2C_ey_bodi_sabo_zulfi_sulmansodin_gapur.... Downloaded from uzbekai.com.