Nizomiy Xo‘qandiy Nizomiy Xo‘qandiy Bodai laling tilab yutti ko‘ngil xunoblar... Bodai laling tilab yutti ko‘ngil xunoblar Zulfing istab rishtai jonimg‘a tushdi toblar. Nahli umrimg‘a samumi hajr yetkurgach xazon Butradi bog‘i hayotimdin gulu yafrog‘lar. Sansizin gulshanda ra’nog‘a qachon kim boqmadim Yutmayin ne rang qonlar birla ne zardoblar. Yig‘la, ey ko‘zkim, manu sandan qilib qan’i nazar Qochtilar mardum kabi jondin suchuk ashoblar. Paykarim zahmin yaloshdurlar taloshib rahm ila Itlaring ya’ni vafo bobida fard ahboblar. Ta’nlar toshiyu noseh pandi o‘ldurdi mani Boshladilar sarzanish bu nav’ shayhu shoblar. Dardim andog‘kim juz o‘lmak daf’ig‘a yo‘qtur sabab Ey tabib, et emdi tarki soyiri asboblar. Sharhi dardingdin Nizomiy elga tegdi ko‘p malol Tezroq o‘l, yo tark qil tafsili faslu boblar. Hasratda g‘arib oshiq o‘zini harob aylar... Hasratda g‘arib oshiq o‘zini harob aylar Dardi dili dog‘ ila ko‘zini purob aylar. Ul sho‘x sitomkorning hol donasini ko‘rgach, Bul murg‘i ruhim tandin uchmoqqa shitob aylar. Jonimni fido qilsam, yuz oh ila dod etsam Achchig‘lanibon dilbar noz ila itob aylar. Boshimni qayon ursam dardimni kima aytsam Rahm aylamayin ul yor holimni xarob aylar. Har lahza chiqib mahvash gulguna qabo dar bar Mastona kuzi birlan bag‘rimni kabob aylar. Kim bo‘lsa sanga oshiq, ey sho‘x jafopesha Iqbol navard doim bechangu rubob aylar. Vojguna mani baxtim yo‘liqsa banogohe Oydek yuzini doim dar zeri niqob aylar. Ket nari debon dilbar ko‘ksungga agar ursa Oldig‘a yaqin borg‘an albatta qabob aylar. Bebois o‘shal dilbar ko‘lfat chohina tashlab Dilxasta Nizomiyni bejurm azob aylar. — Source: https://wikisource.org (works of Nizomiy Xo‘qandiy). Downloaded from uzbekai.com.