Harfi ishqingni yozarda kuydi dil jonig‘acha... Nodim Namangoniy Harfi ishqingni yozarda kuydi dil jonig‘acha, Xoma ham kul bo‘ldi, ey bedard, devonig‘acha. Ul shafaq ermas, ko‘zum qon yoshi shomi furqating, Mavjlar aylab yetibdur charx domonigacha. Anjum ermasdur bu ohimning sharori, bu kecha— Ravshan aylar olami to ko‘kni kayvonig‘acha. Masnadi husn uzra to bo‘ldung aziz, ey sarvnoz, Shohlar dargohingga qul bo‘ldi hoqonig‘acha. Har qachonkim novaki mujgoning, ey abru kamon, O‘tdi o‘qi siynadin jonig‘a paykonig‘acha. Qaysi kunkim davlati vaslingdin o‘ldi noumid, Ketdi ko‘nglumning qarori sabru somonig‘acha. Bul nechuk javru sitamdurkim chekib tiyg‘i sitez, Qasd etarsan oshiqi bechorani qonigacha. Nodim o‘ldi ajz ila xijlat tariqatda fano, Shoyad o‘lg‘ay mahv deb bu jurmu isyonig‘acha. — Source: https://wikisource.org/wiki/Harfi_ishqingni_yozarda_kuydi_dil_jonig%E2%80%98acha.... Downloaded from uzbekai.com.