Dahrdin men chekmagan anduhu mehnat qoldimu... Nola Dahrdin men chekmagan anduhu mehnat qoldimu Boshim uzra yormag‘an gardundin ofat qoldimu. Garchi chekdim bazmi vasling ichra ishrat sog‘ari Hajrdin men yutmagan xunobi hasrat qoldimu. Bo‘ldi to ko‘nglim saning sultoni ishqing kishvari Shukrkim, men surmagan olamda davlat qoldimu. Bog‘a kirding ul qadu yuz birla to sayr etgali Sarv birlan gulg‘a osori tarovat qoldimu.. Vasl ayyomi ko‘zimdin oqdi qon yosh oncha kim Ko‘z ochib yuziga boqmoqliqg‘a fursat qoldimu. Muncha beparvo chiqib olamg‘a solding rustaxez Husning ayyomida oyinlar salomat qoldimu. Bexabar zohid o‘zingdin necha toat qilg‘asen Bo‘lmagan toroji ishqi dinu tillot qoldimu. Yod etibdur Nolani lutf aylab itlar haylidin Yodi chirmashgan ko‘ngilda emdi hasrat qoldimu. — Source: https://wikisource.org/wiki/Dahrdin_men_chekmagan_anduhu_mehnat_qoldimu.... Downloaded from uzbekai.com.