Manga zulm aylab ul qotil ayon ohista-ohista... Ogahiy Manga zulm aylab ul qotil ayon ohista-ohista, Chekib tig‘ini aylar qasdi jon ohista-ohista. Jafosi zo‘ridin ikki ko‘zimdan oqdi daryolar — Ki, qolg‘oy ostida oning jahon ohista-ohista. Ulusga aylagan zulmin ko‘rib ondin hazar qilmay, Kelib chekdim jafosin man yomon ohista-ohista. Bo‘lur hajrida zindon gar maning manzilgahim bo‘lsa, Guliston balki gulzori junon ohista-ohista. To‘la burjom tut lutf aylab,ey soqiyki, bu g‘amdin Qutulg‘oyman ichib man notavon ohista-ohista. Vafo yo‘q dahr bog‘ining guliga berma ko‘nglungni, Bugun tongda ketar, ey bog‘bon, ohista-ohista. Emas gardunda ra’d ovozikim hijron tuni ichra, Erur ul Ogahiy chekkan fig‘on ohista-ohista. — Source: https://wikisource.org/wiki/Manga_zulm_aylab_ul_qotil_ayon_ohista-ohista.... Downloaded from uzbekai.com.