Tun oqshom nola qilsam bulbulu parvonani o‘rtar... Qoriy Xoʻqandiy Tun oqshom nola qilsam bulbulu parvonani o‘rtar O‘zimdek mubtaloyi ishq ko‘p so‘zonani o‘rtar. Malomat teshasi bir sori, tekkan toshi bir sori Nayistondin chiqib o‘t, majnunu farzonani o‘rtar. Sarosar g‘am bila og‘ishta bo‘lgan, so‘rma ahvolim, Agar izhor qilsam oqilu devonani o‘rtar. Xumorim haddin oshdi, iltifoting yor qil, soqiy, Jununim zo‘ridin o‘t tushsa bu mayxonani o‘rtar. Mani holimga rahm etsang na bo‘lg‘ay, xo‘blar shohi Fig‘onim kuydurur hushyor, ham mastonani o‘rtar. Totib may qatrasin soldi tanobi ishq bo‘ynig‘a, Analhaq shishasini sindurub paymonani o‘rtar. Karam bobiga kelgan bo‘lmasun navmid, sultonim, G‘ariblar ohidin olam kuyub koshonani o‘rtar. Tuganmas qissalardur ishqidin motamsaro Qoriy, Kuyub boshdin-ayog‘ing daftari afsonani o‘rtar. — Source: https://wikisource.org/wiki/Tun_oqshom_nola_qilsam_bulbulu_parvonani_o%E2%80%98rtar.... Downloaded from uzbekai.com.