Yuzi, ey, mohitobon, bir kelib ket... Qoriy Xoʻqandiy Yuzi, ey, mohitobon, bir kelib ket, Ko‘zum yo‘lingda hayron, bir kelib ket. Firoqing dashtida men zoru-sarson, Tarahhum birla jonon, bir kelib ket. Yuzing ko‘rmakka ko‘p mushtoq erurman, Boshim uzra xiromon bir kelib ket. O‘lar holatga yetdim furqatingdin, Topib fursat shitobon bir kelib ket. Xamisha intizori maqdamingmen, Ayo, ey shohi xo‘bon, bir kelib ket. G‘amingda qolmadi bir zarra toqat, Labi gul, g‘uncha xandon bir kelib ket. Bu Qoriy hasratingdin kecha-kunduz, Yonar chun sham’i so‘zon, bir kelib ket. — Source: https://wikisource.org/wiki/Yuzi%2C_ey%2C_mohitobon%2C_bir_kelib_ket.... Downloaded from uzbekai.com.