Ul parivashki quyoshdek guli ruxsorasi bor... Ravnaq Pahlavonquli Ul parivashki quyoshdek guli ruxsorasi bor, Oshiq o‘lturmak uchun g‘amzai xunxorasi bor. Somiriydin o‘turub sehr fusunsozlig‘in, Jodui mast iki nargisi ayyorasi bor. Tilamas marham ila oni faroham qilmoq, Kimki g‘amzang qilichidin jigar porasi bor. Qomating bo‘lsa qayu diydag‘akim maddi nazar, Qayda bo‘stoni Eram sarvig‘a nazzorasi bor. Baski g‘am tunlarida bo‘ldi ko‘zum yoshidin Qayda bu nav’ falak axtari sayyorasi bor. Kelsa ne zoli falak hodisasidin, ey dil, Sabru taslimdin o‘zga na oning chorasi bor. Tiyg‘i hijroning urub zaxm dili Ravnaqqa, Marhame qo‘yki, oning bag‘rida ko‘p yorasi bor. — Source: https://wikisource.org/wiki/Ul_parivashki_quyoshdek_guli_ruxsorasi_bor.... Downloaded from uzbekai.com.