Xush kelibsan buyon, parizodim... Ravnaq Pahlavonquli Xush kelibsan buyon, parizodim, Qadi sarvi ravon parizodim. Ko‘z yo jon uyidadur joying, Marhabo, mehmon parizodim. Barq urar dahr aro jamolingdin, Nuri xurshidson parizodim. To‘ti yanglig‘ erur tiling go‘yo, So‘zi shakkarfishon parizodim. Dur socharsen labing takallumdin, Sho‘xi shirin zabon parizodim. Ishvai nozing o‘lturur elni, Nozanini jahon parizodim. Tushti husning sadoi g‘ulg‘ulasi Rum to Isfahon, parizodim. Shuhratingdur zamon sahifasida Doston-doston, parizodim. Bulbulim, gul jamolingga shaydo, Ey yuzi bo‘ston parizodim. Ko‘ksung ustidagi qo‘sha noring Qildi bag‘rimni qon, parizodim. Ko‘rmay el nozanin go‘zallar aro Sen kabi navjavon, parizodim. G‘amzang o‘qini o‘tkarib jondin, Qoshlaringdur kamon, parizodim. Qildi Ravnaqni sunbulig‘a asir Sochi anbarfishon parizodim. — Source: https://wikisource.org/wiki/Xush_kelibsan_buyon%2C_parizodim.... Downloaded from uzbekai.com.