Yiroq tushtum jamolingdin sani, ey yor, sog‘indim... Sadoiy Mirhasan Yiroq tushtum jamolingdin sani, ey yor, sog‘indim, Yo‘lingga termulub, ey nozanin, bisyor sog‘indim. Na deb azmi safar qildim, bu ishlardin pushaymonman Parishon xotirim doim, yurak afgor sog‘indim. Mani sandin yiroq etgan falakni gardishi erdi, Nadur chora bu g‘amlardin yotib bemor, sog‘indim. Erurman kecha-kunduz to‘tiyi bexonumon yanglig‘, Bo‘lubman bulbuli sho‘rida, ey gulzor, sog‘indim. Visolingdin judo bo‘ldum, tanim tufroqqa o‘gruldi, Labi maygun, qadi ar-ar, ko‘zi xummor, sog‘indim. G‘ariblikda mani holimni hech kimsa bilmaydur, Ko‘zimni ravshani, ko‘nglum xushi dildor, sog‘indim. Ko‘ray deb orzu aylab jamoling, ey pari chehra, Kelib holimni so‘rg‘il, ey pari ruxsor, sog‘indim. Sadoyi, san kabi yo‘qdur giriftori balo bo‘lg‘on, Sani izlab yurub har ko‘chau bozor, sog‘indim. — Source: https://wikisource.org/wiki/Yiroq_tushtum_jamolingdin_sani%2C_ey_yor%2C_sog%E2%80%98indim.... Downloaded from uzbekai.com.