Tabassumda ko’rub rangin labingni nogihon g’uncha... Shermuhammad Munis Tabassumda ko’rub rangin labingni nogihon g’uncha, Qilib diltanglik zohir, ichidin bo’ldi qon g’uncha. Sabo tahrikidin, yo’q, balki og’zing sharmidin boshin Quyi solmoqqa moyil bo’lg’usidur har zamon g’uncha. Ochiq chehrangni to ko’rdi dema, ey, gul ochilmishdur, Xijolat g’oyatidin aylamish kulgu ayon g’uncha. Ko’ngul tor og’zinga bir handada oldurdim, ey gulrux, Kishi ko’rganmu erkan bu sifat bir dilsiton g’uncha? Omonlik istasang bu bog’ aro, xomush bo’l doim Ki, ofatdin omondur sirrin aytar to nihon g’uncha. Sening og’zing xayolidin qilur ko’nglum qushi nola, Erur bois chu bulbul qilsa faryodu fig’on g’uncha. Ko’ngul jam’iyati topsa xalal ermas, taajjubkim, Emas bu bog’ aro oshufta bo’lmoqdin omon g’uncha. Nedur bu razmgoh ichra boshingga istamaklik xud Ki, el xayli o’qig’a bordur avvalroq nishon g’uncha. Shitobon bo’lma, rif’at qullasig’a to kun ermassen, Kamin aylab yotibdur yo’lda sheri osmon, g’uncha. Fig’onkim, barcha bu gulshan vidoidin emas emin Ki, gah gul uzmak etmish da’b, gohi, bog’bon g’uncha. Aning ruhsoru la’li o’yla rangindurki, ey Munis, Agar ko’rsa, bo’lur afsurda gul ham notavon g’uncha. — Source: https://wikisource.org/wiki/Tabassumda_ko%E2%80%99rub_rangin_labingni_nogihon_g%E2%80%99uncha.... Downloaded from uzbekai.com.