Ey ko’ngul, qilma tama ul dilsitondin yaxshiliq... Ubaydullaxon Ey ko’ngul, qilma tama ul dilsitondin yaxshiliq, Notavon jonimg’a ul oshubi jondin yaxshiliq. El ichida yaxshiliq ko’rmaymen ondin, der edim, Ey ko’ngul, men ko’rmadim, kim ko’rgay ondin yaxshiliq. Ey guli ra’no, hazar qil ohi sardimdin mudom, Hech gul ko’rgan emas bodi xazondin yaxshiliq. Mehribonliq ko’rsatib, ko’nglumni oldi oqibat, Shukri lillah, ko’rdum ul nomehribondin yaxshiliq. Ey Ubaydiy, yaxshiliq ko’z tutmayin, ne bok, men, Ne umid etgay kishi mendek yamondin yaxshiliq. — Source: https://wikisource.org/wiki/Ey_ko%E2%80%99ngul%2C_qilma_tama_ul_dilsitondin_yaxshiliq.... Downloaded from uzbekai.com.