Qoshingg‘a teguzmag‘il qalamni... Umarxon Qoshingg‘a teguzmag‘il qalamni, Bu xat bila buzmag‘il raqamni. Butxonalar ichra hech tarso, Bir ko‘rmadi sen kabi sanamni. Oshiqlaringga tarahhum etgil, Ko‘p aylama jabr ila sitamni. Ko‘nglum qushi toyiri hariming, Sayd etma kabutari haramni. To bevatan o‘lmasin ko‘ngullar, Zulfungdin ayurma pech-u xamni. Yo‘lungda g‘ubori roh bo‘ldim, Boshimga yeturmading qadamni. Iqlimi vafo Amiridursen, Ey shah, bu gadog‘a qil karamni. — Source: https://wikisource.org/wiki/Qoshingg%E2%80%98a_teguzmag%E2%80%98il_qalamni.... Downloaded from uzbekai.com.