Xoʻjanazar Huvaydo Xoʻjanazar Huvaydo Afsus, bu kun vaqti guliston o’tti... Afsus, bu kun vaqti guliston o’tti, Murg’oni chaman yig’loyu nolon o’tti. Gullar alami bodi xazondin yig’lab, Har yona bo’lub bargi parishon o’tti. Afsus, yuz afsus, eranlar o’tti... Afsus, yuz afsus, eranlar o’tti, Ul homiyi din qutbi zamonlar o’tti. Biz g’amzadalar yig’loyu hasrat bila qolduk, Ahvoli jahonga nigaronlar o’tti. Afsus, yuz afsuski, erlar o’tti... Afsus, yuz afsuski, erlar o’tti, Lab tashna bo’lib ohuyi cho’llar o’tti. Bu zoli falak va’dasig’a berma ko’ngil, Daryo qurudi, qa’rida yo’llar o’tti. Afsus, yuz afsuski, hamnafaslar o’tti... Afsus, yuz afsuski, hamnafaslar o’tti, Shohi du jahon, kamtari xaslar o’tti. Biz ko’ngli o’luk, baxti qarolar qolduk, Tirguzguvchi dil Iyso nafaslar o’tti. Afsus, yuz afsuski, mardlar o’tti... Afsus, yuz afsuski, mardlar o’tti, Bemori muhabbat, ro’yi zardlar o’tti. Ovorai nafs necha yomonlar qolduq, Qilguchi amal sohibi dardlar o’tti. Afsus, yuz afsuski, rohat o’tti... Afsus, yuz afsuski, rohat o’tti, Yetti qarilik vaqti, iboda o’tti. Emdi tunu-kun jahd qilib ozuqa g’amlab, Bo’l yo’lg’a ravon, navbati fursat o’tti. Afsus, yuz afsuski, umrum abas o’tti... Afsus, yuz afsuski, umrum abas o’tti, Nodonlig’ ila darpoyi hoyu havas o’tti. Na kor qilib, naqdi hayotimni tugatti, Bilmam, na ani bir kecha yo bir nafas o’tti. Afsuski, ruhimni qushi peshu pas o’tti... Afsuski, ruhimni qushi peshu pas o’tti, Isyon bila sindi qanoti, zeri xas o’tti. Bu nafsi balokashni tuzog’ig’a ilindi, Ovora bo’lib, bandi asiri qafas o’tti. Arzimni aydim bodi sabog’a... Arzimni aydim bodi sabog’a, Yetkursa holim ul dilrabog’a. Qilsa xudoyim ko’nglin muloyim, Rahm aylag’aymu man mubtalog’a. Qilg’aymu xayrin o’z qo’li birla, Borsam ko’yiga miskin gadog’a. Dedi raqiblar yorg’a yomonlab, Soldi judoliq naylay arog’a, Ko’nglumda yo’qtur zarra gumonim, Kimki yomondur soldim xudog’a. Holimni aytsam yorim inonmas, Emdi qo’yubman yavm ul jazog’a. Yorsiz kishini firdavsi yo’qtur, Suydim sanamni qoldim balog’a. Dushmanlarining nozu, nahmda Parvarish aylab soldi g’inog’a. Do’stini yorim ranju alamda Qo’ydi el ichra javru jafog’a. Miskin Huvaydo sabru tahammul Aylab, hamisha yig’lar xudog’a. Beadad mandin duo, ey choryori bosafo... Beadad mandin duo, ey choryori bosafo, Sizga, Bu Bakru Umar, Usmon, Aliyi murtazo. Sidqu ixlosim bila, Ey oli as’hobi rasul, Ruhingizga qo’l ochib, shomu sabo aylay duo. Tortti Ahmad javru mehnat ushbu foniy dunyoda, Ummat ersang, bo’lg’il emdi payravi ul mustafo. Birisi sidqu sadoqat avjida badri munir, Birlari adlu adolat burjida shamsi zuho. Birlari hilmu hayo iqlimida bahri hayo, Birlari lutfu karam avrangida koni saxo. Nuri chashmi Haydari karrorni zolim Yazid Qip-qizil qonga bo’yab, qildi shahidi Karbalo. Ey Huvaydo, ishq ahli ushbu so’zni aydilar: «Sobirini bil — balou roziyini bil — qazo». Bir buzuq vayronadur ul uydakim yor o’lmasa... Bir buzuq vayronadur ul uydakim yor o’lmasa, Yor ila obod erur ul uyda ag’yor o’lmasa. Goh ko’runub, goh qochar oshiqlarin kuydurgali Ishq lazzat bermag’ay dilbarki ayyor o’lmasa. Oshnoliqni uzub yor andin aylar ihtiroz Ul kishikim yoridin birdam xabardor o’lmasa. Ko’p balo o’qin otar oshiq sari, oshiq emas Ko’ksin ochib yorini oldida tayyor o’lmasa. Bo’lmag’ay ohu fig’on tong otqucha bedorlik, Oshiqi dilxastani yori sitamkor o’lmasa. Yeb yotib orom ila oshiqlig’i bekor erur, Charbi shirin yeb ichardin kimki bezor o’lmasa. Avval o’zung qil amal, so’ngra nasihat elga de, Ey Huvaydo, so’zlama sanda amal bor o’lmasa. Dardi g’amiga hargiz qilma davo, Huvaydo... Dardi g’amiga hargiz qilma davo, Huvaydo, Ichgil mayi muhabbat bemuddao, Huvaydo. Zuhd ayla, qilma taqvo, mayxo’ralik shior et, Mayxonada muqim o’l, qilma riyo, Huvaydo. Ishqu muhabbat ichra o’ldung, muborak o’lsun, Sharti muhabbat uldur: bo’lmoq fano, Huvaydo. Ming uqbai pur oshub ishqing yo’lida bordur, YO hodiyal-muzillin, der ahadno, Huvaydo. Hayratdaman, nigoro, yo’q qo’lda ixtiyorim, Sarmoya yo’q qo’lumda, g’ayri rizo, Huvaydo. Gar tavfi Ka’ba qilmoq, ey ko’nglum, istor esang, Qil tavfi ka’bai dil, ey porso Huvaydo. Ishqida bir sanamni devona bo’lmasaydi, Vasfiga qilmas erdim til oshno, Huvaydo. Dardi yo’q bedard kishilar dard qadrin na bilur... Dardi yo’q bedard kishilar dard qadrin na bilur, Dunyoda nomard ko’pdur, mard qadrin na bilur. Za’faron bo’ldi chiroyim yor uchun, ey do’stlar, Bilmagonlar bu chiroyi zard qadrin na bilur. Jon uzub, jonni ulodim kokili jononaga, Fahmi yo’q befahmlar payvand qadrin na bilur. Oz erur jononaga sarf aylasam man molu jon, Qilmag’on nodon kishi jon, mard qadrin na bilur. Yig’ladi harchand Huvaydo, bilmadi el qadrini, Tushmagan dard boshiga bodard qadrin na bilur. Dipbaro, ishqing o’tida kuydi bu jonim mening... Dipbaro, ishqing o’tida kuydi bu jonim mening, Jon na ermish, balki kuydi nuri iymonim mening. San agar lutf etmasang man xastai bemorga, Bu tiriklikni netorman, xushdur o’lg’onim mening. Sansizin manga bu qilg’on xonumonu ro’zg’or, Bir go’ristondek ko’rinur, ko’shku ayvonim mening. Ko’rmasam bir dam yuzungni, ey nigoro nozanin, No’h falakni kuydurur bu ohu afg’onim mening. Sansizin bir luqma osh yo parchai non tishlasam, Og’zima andoq uroy, sinsun bu dandonim mening. Ey nigori mehribon, ko’rsam yuzungni man ayon Ul qiyomat kunida, yerga yetar yonim mening. Ey pari, miskin Huvaydo ko’rmay o’lsa der sani, Dog’lar bag’rimda qolg’ay ham yuz armonim mening. Ey Xojanazar, mardi sarolar o’tti... Ey Xojanazar, mardi sarolar o’tti, Har bir so’zi qimmatbaholar o’tti. Bir necha yomon ahdi buzugrlar qolduk, So’zlar so’zi bir mardi Xudolar o’tti. Ey Xojanazar, ushbu jahon guzaroniy... Ey Xojanazar, ushbu jahon guzaroniy, Qolmas bu jahon ichra na yaxshi, na yamoni. To o’lgucha san bandaligingni qo’ya ko’rma, Bir Tangridin o’zga hammasi bo’lg’usi foniy. Ey Xojanazar, yugurki, do’stpar o’tti... Ey Xojanazar, yugurki, do’stpar o’tti, Ham piru javon jumlasi yaksar o’tti. Emdi turoling yo’q, qadaming ilgori qo’ygil, Ko’rgon, bilishing, yoru birodar o’tti. Ey Xojanazar, yugurki, karvon o’tti... Ey Xojanazar, yugurki, karvon o’tti, Qolmay barisi yo’lga shitobon o’tti. Ul qofiladin bizga xabar kelgoni yo’q, Kim qayg’uda, kim shodu xiromon o’tgi. Ey Xojanazar, yugurki, yo’ldosh o’tti... Ey Xojanazar, yugurki, yo’ldosh o’tti, San ko’rgon o’shal qavmu qarindosh o’tti. San munda qolib, kimga ham ulfat bo’lasan, Hamsollaring mahrami sirdosh o’tti. Gunbazi davvor ichinda o’rgulur boshim mening... Gunbazi davvor ichinda o’rgulur boshim mening, Yor vasliga yetolmay, to’kulur yoshim mening. Yuraman giryonu nolon darbadar devonadek, Hech holim so’rmadi yori qaro qoshim mening. Barcha bildi holi dardim, bilmading holimni hech, So’rmading: «Oyo nechuksan», deb bag’ir toshim mening. Sadqai darding qilurman dunyoni ayshu hushin, Aysh erur xobu xayolu dard yo’ldoshim mening. Bu g’ariblik shahrida muhtoj emasman xeshga, Kulfating bo’ldi ag’o, darding qarindoshim mening. Qay kuni berdi ko’ngil sanga Huvaydo, ey pari, Hech forig’ bo’lmadi g’amdin g’arib boshim mening. Hech kishiga so’zlamasdim, dod etdurdi falak... Hech kishiga so’zlamasdim, dod etdurdi falak, Ko’p xaloyiq oldida faryod etdurdi falak. Arzi holim yetkudek bir yoru hamdam topmadim, Shod ko’nglumni, netay, noshod etdurdi falak. Man g’aribu xastani hardam firoq o’ti bilan Kuydurub, ko’kka kulum barbod etdurdi falak, Soldi ko’ngul saydig’a har lahza g’am shahbozini, G’amni man bechorag’a sayyod etdurdi falak. Ey Huvaydo, bo’lma qul bu charxi kajraftorg’a, Lahzada yuz shevalar bunyod etdurdi falak. Icharg’a boda sahar mavsimi chaman yaxshi... Icharg’a boda sahar mavsimi chaman yaxshi, Navoyi mutribu xush majlis, anjuman yaxshi. Suzub piyolai mayni, yig’ilsa ishrat eli, Sunarg’a mug’bacha may kosai Xo’tan yaxshi. Xush o’tkar umri azizing jahon g’amini yemay, May ich, tiriklik aro sihhati badan yaxshi, Kishikim ichmasa mayni tirik emas, o’lgan, Aningdek odamig’a go’r ila kafan yaxshi... Iloho, san karam birla kechurg’il, ey Xudovando... Iloho, san karam birla kechurg’il, ey Xudovando, Gunohi jumla mo»minni, ayo ma’budi behamto! O’shal sahroda qaynar mag’zi sar mispi qazon yanglig’, Tilim tizga tushurib tashna aylab qilmag’il rasvo. Kelur nayza bo’yi xurshidi tobon favqi sar uzra O’shal kun boshimizga chodari rahmatni qil paydo. Ko’rilsa ul «famay-ya’mal»da mezonim sabuk qilma, Savobimni gunohimdan, ayo sattori ma’yubho! Qadam qo’ysam yiqitmog’il sirotal mustaqim uzra, Giriftori jahiym aylab qulingni qilmag’il rasvo. Hamma ish bizga mushkuldir, saning oldingdadir oson, Sen o’qsan barchani Parvardigori halli mushkulho. Umidim ko’pturur «lo taqnatuv mir rahmatilloh»din Agar chandeki noshoyista ishlar aylasam barpo. O’shal havli qiyomatni, Iloho, aylag’il oson Bahaqqi sayyidi kavnayn subhonallaziy asro! Na xush baxti saodatdur Muhammad «ummatim» desa, «Saningdek ummatim yo’q» desalar faryodu vovaylo. Xaloyiq oldida sharmanda bo’lib termulib qolsam, Qaro kunlar o’shal soat boshimga bo’lg’usi paydo. Quruq til birla ayturman: «Muhammad ummatiman», deb Yemak-ichmak ishim bo’ldi, qani toat, qani taqvo? Shafoat bahridin serob qilg’il jumla mo»minni Tufayli yaxshilar man osiy qulni, yo rasullulloh! Ayo Ahmad, manga bir qatrai bahri shafoatdin Darig’ etma, Huvaydo garchi bo’lsa osiyu gumroh. Ishq bozorida man bo’ldum xaridoring saning... Ishq bozorida man bo’ldum xaridoring saning, Ikki olam arzimaydur zulfi zunnoring saning. Masti «loya’qil» bo’lub, aylar ishimni bilmadim, Yotaman, ingronaman bo’lub chu bemoring saning. Burnodin nodon ekonman, bilmadim qadringni man, Keldi ishqing, emdi bildim qadri diydoring saning. Doimo g’aflatda erdim, bilmadim man g’am nechuk, G’am yetushti, chunki bo’ldum emdi bedoring saning. Har kishi tolib bo’lib, qilsa jamolingni talab, Boshidin hargiz tuganmas zulmi dushvoring saning. Ey Huvaydo, dil uyida zarracha ag’yordin, Bo’lsa, yetmas yorga bu nolau zoring saning. Ishqni mansubasin Majnuni hayrondin tila... Ishqni mansubasin Majnuni hayrondin tila, Laylidek xoli siyah zulfi parishondin tila. Na so’rorsan oshkora ul sanamni dardini, Kel, shabi xilvat ichinda ohu afg’ondin tila, Har nechuk nodon tabibdin so’rma dardingga davo, Izlagil hoziq tabib, dardingga darmondin tila. Har tikonda toza gul, har bahrda yo’qtur sadaf, Gavhari qimmatbahoni bahri ummondii tila. Na bilur zog’u zag’an raftori gul, ishq qadrini, Bulbuli oshuftani qadrin gulistondin tila. Lazzati dunyoni xushlar na bilur tan o’zgani, Zavqi shavqi yorni dil uyida jondin tila. La’li maqsad har qayu tog’din topilmas istasang, Ur riyozat metinin ko’hi Badaxshondin tila. Xojanazar osiyga qo’ydim Huvaydoni laqab, Bul g’aribi mustamandni shahri Chimyondin tila. Ko’rmay ey, dilbar, yuzungni, bo’ldi ahvolim xarob... Ko’rmay ey, dilbar, yuzungni, bo’ldi ahvolim xarob, Rahm etib kelsang na bo’lg’ay xasta jonimni so’rob. Holi bemoru g’arib so’rmak savobdur beadad Ermish, ey yorim, sanga hargiz kerakmasmu savob. Soyai g’amda qolibman, kulfatimdur behisob, Tegmadi man zarrani boshig’a hargiz oftob. Toliu baxti zabundurman netay, ey dilrabo, Kelmadi oyo nechuk san deb mani zolim so’rob. Oh ursam saqfi gardung’a tegar ohim o’ti, Shiddatidin o’t chiqib, aylab sado yig’lar sahob. Qil hazar ohim o’tidin, ey nigori nozanin, Bo’lsa jo’sh ohimg’a yeru ko’k qilmas hech tob. Necha yildurkim, nigoro, ostonang yostonib Supurub mujgon bilan, septim ko’zum yoshidin ob. Qilmading hech loyiqoti xizmatim, ey moh ro’y, Ori-ori boqmading bir yo’l olib yuzdin hijob. Ey Huvaydo, yurmading san bir dami beg’am bo’lub, Xotiring bo’ldi saranjom oqibat bo’lg’ung turob. Man osiyman, bechoraman, darmondaman, yo Mustafo... Man osiyman, bechoraman, darmondaman, yo Mustafo, Ul ruhi pokingga sani ilgim ochib qildim duo. Isyon cho’lin yurdim kezib, qoldim aro yo’lda ozib, «Fasma’ da’ono vastajib», ey jumla elgarahnamo. Bechoralar g’amxorisan, dardi dilim tiymorisan, Pushti panoh ummatga san, ey shofe’i ro’zi jazo. Berohibar yo’lga kirib, qoldim aro yo’lda horib, Ozg’urdi yo’ldin, naylayin, yo Ahmado, nafsu havo. «YO rohmatal-lil-olamin», ey anbiyolarga nigin, Ey sayyidi ro’yi zamin, ey peshvoi anbiyo. Sansan rasuli olamin, sansan imomul muttaqin, Sansan shafiy’ul-muznibin hodiil muzillin, ahadno. Zuhd ahli birla hamnishin, ishq ahliga aynul-yaqin, Mir’oti qalb ul-mo»minin, ey oftobi vaz-zuho. Misbohi ayvoni rasul, san-san imomi juzu kull, Ey hodiyi ahli subl, vay, chashmi jonga to’tiyo. Sansan anodin mehribon, sandin tilarmiz ko’p omon, Kelsa mango harna ziyon, sansan sipar yanglig’ panoh. Sango rasuli mujtabo, badr ud-dujo, nur ul-hido Aylar Huvaydo ko’p duo ruhingga har subhu maso. Na qildim sango man, yorim, jamolingdin judo qilding... Na qildim sango man, yorim, jamolingdin judo qilding, Boshimda gardi g’amni chun charog’i osiyo qilding. Hamisha kuydurub sham’i firoqing birla jonimni, Mani parvonani xokistarini zeri po qilding. Judolig’ aylar ekansan, oyo Laylivashi Shirin, Ne deb avval o’zungg’a man g’aribni oshno qilding. Nigoro, bori g’am birla faqiru notavon aylab, Alifdek qomatimni lom alif yanglig’ duto qilding. Firoqing osmonidin solib bir barqi olam so’z, Vujudim xirmanin o’rtab, ado qilding, ado qilding. O’shal ro’ze: «Bilurmusan mani», deb aytding, ey yorim, «Bale», dedim, sani suydim, baloga mubtalo qilding. Ayo dilbar, Huvaydodek balokashni eshiklarda, Solib ko’zdin benavo, zoru gado qilding. Nigorim dardidin yig’lab, na oromu, na xobim bor... Nigorim dardidin yig’lab, na oromu, na xobim bor, Ko’zimdin har taraf bo’lg’on ravona, turfa ohim bor. Umidi xo’bluq yo’qtur tanimda, titrashur jonim, O’larman begumon emdi, ajab holi xarobim bor. Qipibdur va’da dildorim: «Jamolim ko’rsatay o’lsang», Kel, ey qobiz, manga emdi, o’lay deb ko’p shitobim bor. Mani yig’log’onimg’a «yor» deb, ayb etma, ey zohid, Aromizda sanam birla o’lum otlig’ hijobim bor. Icharg’a bodai gulrangki har kecha qurub majlis, Tong otquncha tamosho, nag’mai changu rubobim bor. Bihishtu huru g’ulmonu du olamni unutqaysan, Ayo zohid, agar ichsang, basar qattig’ sharobim bor. San, ey zohid, mani mun’imni qilma, may harom ermas, Riyou taqvodin bir kosa mayda ko’p savobim bor. Huvaydoni may ichmakdin nasihat qilma, ey zohid, Qachon bir kosa maydin, to tirikman, ijtinobim bor. Nigorim ishqidin qildim saharlar nolalar paydo... Nigorim ishqidin qildim saharlar nolalar paydo, Yurak dog’ini kovlab, ayladim xunobalar paydo. Jamoli orzusidin saharlarda turib yig’lab, Ko’zimdin ayladim chun abri nayson jolalar paydo. San, ey bulbul, navo qilg’il guliston mavsumi ichra, Qilur ma’murai guldin xazon vayronalar paydo. Mani parvonaga ayb aylamang sham’i ruxin ko’rgach, Kabutar naslidek «hu» deb bo’lur parvonalar paydo. Xumori chashm soqiyi diloromim bayon qilsam, May ichmay bo’lg’usi har gushadin mastonalar paydo. San ey zohid, bugun mayxo’ralarni aybini qilma, Birov masjid bino aylar, birov mayxonalar paydo. Saropo dard erurman, lek darmonin topolmasman, Labimdin bo’ldi bag’rim garmidin tan jolalar paydo Ayo bodi sabo, yetkur Huvaydodin bu inshoni, Yurak zardobidin qildim sanamga nomalar paydo. Rahm aylasang-chi devonalarg’a... Rahm aylasang-chi devonalarg’a, Ishqingda bo’lg’an afsonalarg’a. Aylab judoliq, ey hamnishinim, Qilding jafolar g’amxonalarg’a. Kuydurma jonim rashk o’ti birla, Ochib yuzungni begonalarg’a. Sajda qilay deb, shirin, butimg’a, Bordim so’roqlab butxonalarg’a. Maygun labingdin bir bo’sa bergin, Sinsun xumori mastonalarg’a. Har dam tilarman husni kamoling, Urub boshimni ostonalarg’a. Yondur, kuyoyin xilvat ichinda, Sham’i jamoling parvonalarg’a. Ishqingni ganji vayron ko’ngulda, Qo’ysang turarmu koshonalarg’a. Sabo yetkur salomimni qaddi sarvi ravonimg’a... Sabo yetkur salomimni qaddi sarvi ravonimg’a, Qaro ko’zluk, qaro kokul o’shal shirin zabonimg’a. Yotibdir bir g’aribi zor o’lib og’ishtai tufroq, Bu holimni borib aytg’il mani oromijonimg’a. Mani boshim ani yo’li arog’a har balo kelsa, Boqarman, ey birodarlar, qachon sudu ziyonimg’a. Falak charxi uzildi-yu, yiroq soldi mani andin, Qachon qo’shg’ay xudovandim aningdek mehribonimg’a. Ani dardu firoqi o’lgucha mandin judo bo’lmas, Taralmish jismima jondek tamomi ustixonimg’a. Huvaydoni firoqiga oni hech kelmadi rahmi, Qaro toshlar su bo’ldi rahm etib oxu fig’onimg’a Sani ishqingdin, ey dilbar, ajab devonalar bo’ldum... Sani ishqingdin, ey dilbar, ajab devonalar bo’ldum, Xaloyiqg’a bo’lub kulgu, basi afsonalar bo’ldum. Qilur ta’na ko’rub harkim manim holimg’a, ey mohim, Bu elni og’zida har go’shada afsonalar bo’ldum. Hama qavmu qarindoshim mani ko’rsa qilur nomus, Baridin yuz o’gurdum, bir yo’la begonalar bo’ldum. Sani ilkingdin, ey dilbar, muhabbat jomini ichsam, O’shal kundin beri bilmay o’zum mastonalar bo’ldum. Shabiston ichra, ey yorim, jamoling sham’ini ko’rdum, Boshingdin o’rgulub har subhidam parvonalar bo’ldum. Visoling izlabon, dilbar, Huvaydoyi g’arib miskin, Gadolardek so’rab eldin yurub ovoralar bo’ldum. Siynani sadpora qilding, ey pari, qoshi qaro... Siynani sadpora qilding, ey pari, qoshi qaro, Tiyri mujgoning bilan qilding yurak bag’rim yaro. Kelmag’ay hargiz faroham siynai chokim mani Tori zulfu so’zoni mujgon bilan hilmay rufo. Bu maning dardimga, ey dilbar, tabib darkor emas, Ey, saning darding tabib, kulli dardimga davo. Xirmani jismimg’a tushti barqi ishqing, ey pari, Qolmadi bir zarra jonim o’rganib bo’ldi ado. Muncha berahm sitamgar yor ekonsan, naylayin, Kelmadi oshiq sari rahming sani, ey purjafo. Aqlu hushimni olibsan telbalardek so’zlatib, Hoyu hu deb tortadurman na’rai vohasrato. Tashlalab qoldim Furoti g’amda sargardon bo’lub, Lashkari ishqing kelib qildi shahidi Karbalo. Bo’lmag’ay ishqu muhabbat loyiqi har odami, Ey Huvaydo, bo’lmaguncha bu jahonda mosuvo. So’fi Ollohyor g’azaliga muxammas Yorni bad mehridin, ey do’stlar, jonim mening, Kuydum, o’rtandim falakka chiqti afg’onim mening, Rahm etib kelmas, netay, oldimga jononim mening, Ezdi bag’rim, teshti ko’ksum dog’i hijronim mening, Bu alamda, muncha g’amda chiqmag’an jonim mening. Kofiri nafsim bila bo harba bo’lsam ishqida, Oshiqi julidamu bejubba bo’lsam ishqida, YO gadoi bevatan, bekulba bo’lsam ishqida, Darda to’lsam, g’amda so’lsam, telba bo’lsam ishqida, Hasratida mundog’ o’lsam, yo’qtur armonim mening. Hajr ila bir o’ldimu zavqu xurushim qolmadi, Ketti tandin quvvatim, so’zlarga hushum qolmadi, Burnog’idek el aro hazlu kulushim qolmadi, Dipda sabrim, yuzda sharmim, boshda hushum qolmadi, Ko’zda yoshim, ragda qonim, tanda darmonim mening. Shodliq o’rniga g’am bo’ldi, netay, saddulmasad, Harna kulfat bo’lsa sandin, ko’torur miskin jasad, Lutf qil, holimga boq, ey podshohi besanad, Holatim bad, hasratim behad, fig’onim beadad, Qip madad mandek yiqilg’on qulga sultonim mening. Ey sanam, hajringda qildim xonumonimni sabil, Qatrai qonimga bilman koshki bo’lsam qatil, Oh sardu ro’yi zardimni ko’rubon rahm qil, G’ussai dil, qissai mushkulga qoldim oyu yil, Obu gil ichra xijil qolg’on tanu jonim mening. Demagil yerni yuzini lolagun qildi bahor, Chashmi xunbori Huvaydoga nazar qil, ey nigor, San agar rahm etmasang, mushkul erur bu koru bor, Aytib Allohyor yig’lar zor har laylu nahor, Tig’i ishqi yor to’ksa koshki qonim mening. Tun oqshom keldi kulbamga nigori mehribon yolg’uz... Tun oqshom keldi kulbamga nigori mehribon yolg’uz, Olib burqa’ jamolidin, o’zin qildi ayon yolg’uz. Kulub ohista-ohista kelib, uyqudin uyg’otti, «Sahar bo’ldi, yotarsanmu», dedi shirin zabon yolg’uz. Qo’limdan ushlabon aydi: «Na holing kechti yozu kuz, Kuyub hajr o’tida bo’lg’on, ayo ey notavon yolg’uz». O’zumdin bordim ul soat yurakda qolmadi holat, Qilolmodim anga ahvoli dardimdin bayon yolg’uz. Yonimda o’lturib chandon tarahhum birla so’z qotti, Berolmadim javob anga ki, lol o’ldi zabon yolg’uz. Kelib holimga, ko’z ochtim, qo’limga kosa may berdi, May ich, deb ul pari ketti, bo’lub yo’lga ravon yolg’uz. Huvaydoyi g’aribin ul pari shirin so’zi birlan Yuragiga solib o’t, o’rtadi jonu jahon yolg’uz. Xoliqo, diydamni purnam aylagil... Xoliqo, diydamni purnam aylagil, O’lgucha zikringga hamdam aylagil. Har balo kelsa o’zungdan roziman, Munda g’amgin, anda beg’am aylagil. Xoliqo, doim manga bergil amon... Xoliqo, doim manga bergil amon, Ikki olam san erursan mehribon. Tongla tortqanda tarozuga amal, Qil savobimni gunohimdin garon. Xoliqo, hayf o’tti mandin mohu sol... Xoliqo, hayf o’tti mandin mohu sol, Tun-kun fikru xayolim bo’ldi mol. Tongla mandin olsalar bir-bir hisob, Oh, bilmasman na bo’lg’ay anda hol. Xoliqo, hayf o’tti mendin solu moh... Xoliqo, hayf o’tti mendin solu moh, Harna ish qildim, bari bo’ldi gunoh. Tongla rasvo qilg’oli el oldida, Qo’l-oyog’im so’zlatib, qilma guvoh. Xoliqo, ikki jahon g’amxorisan... Xoliqo, ikki jahon g’amxorisan, Barchaning razzoqiyu, purborisan. Kim egiz tutsa, ani yerga urub, Qilguchi pastni egiz qahhorisan. Xoliqo, ikki ko’zum pur ob qil... Xoliqo, ikki ko’zum pur ob qil, Kechalar to subhidam bexob qil. Tizga tushg’anda suvsab mahsharda til, Obi Kavsardin berib, serob qil. Xoliqo, jabr ayladim o’z jonima... Xoliqo, jabr ayladim o’z jonima, Qo’ymadim toat taomin xonima. Harna ish qildim, bari bo’ldi riyo, E’timodim yo’q amal qilg’onima. Xoliqo, keldim sanga aylab umid... Xoliqo, keldim sanga aylab umid, Dargahingdin qilmag’aysan noumid. Garchi bandang munda bo’lsa ro’siyoh, Lutf aylab, anda qil vajhim safid. Xoliqo, ko’p ayladim fisqu fujur... Xoliqo, ko’p ayladim fisqu fujur, Sangana bergum javob yovmun-nushur. Man gunohlik qul erurman, san rahim, Man xatolik bandadurman, san G’ofur. Xoliqo, ko’p ayladim jurmu xato... Xoliqo, ko’p ayladim jurmu xato, Manga sandin ko’pturur lutfu ato. Bul Huvaydoyi g’arib Chimyoniyni Qipmag’il nafsu havog’a mubtalo. Xoliqo, lutfu inoyat aylagil... Xoliqo, lutfu inoyat aylagil, Jumla mo»minlarga rahmat aylagil. Tongla ko’frikdin salomat o’tkarib, Jannat ul-firdavs karomat aylagil. Xoliqo, qilsa savol Munkir, Nakir... Xoliqo, qilsa savol Munkir, Nakir Haybatidin tog’lar bo’lg’oy harir. Bandai ojiz erurman, ey Iloh, Rabbim Allohni tanimga joriy ber. Xoliqo, rahm ayla jumla osig’a... Xoliqo, rahm ayla jumla osig’a, O’rtada mandek jahon rasvosig’a. Ba’zidin iymon libosini olib, Kiydurursan kofiri sannosig’a. Xoliqo, sandin tilarman ko’p madad... Xoliqo, sandin tilarman ko’p madad, Ham tirikda, jon chiqarda yo ahad. San agar holimga homiy bo’lmasang, Ozg’urur yo’ldin mani shaytoni bad. Xoliqo, to’ktum ibodat jomini... Xoliqo, to’ktum ibodat jomini, Puxta qil bandangni kori jomini. San karamlik podshosan, man gado, Aylagil huru qusur in’omini. Yigitlikda may ichmak na xushu baxtu saodatdur... Yigitlikda may ichmak na xushu baxtu saodatdur, Qarilik mavsumi mehnat, yigitlik vaqti rohatdur. Guliston mavsumi bo’ldi, may ichmakni g’animat bil, Tiriklik ko’p emas, bir ko’z yumib ochquncha soatdur. Kel, ey soqiy, ketur jomi, payo pay bodani sof et, Yurutgil kosai davron, bu damlar ham g’animatdur. Dafu tanburu benay boda ichmak oncha xo’b ermas, Qil, ey mutrib, g’azalxonliq, bu kun ayyomi ishratdur. Gulistonlar aro sebargalarni yostonib yotib, Tamoshoyi chaman aylab, may ichmak xush nazokatdur. Tiriklikni g’animat bil, may ich, umrungni xush o’tkar, Tepib o’t dunyo molini, hama ranju falokatdur. Huvaydo, tavba qipma boda ichmakdin qaridim deb, May ichmaklik qarig’onda g’izoyi ruh, rohatdur. Yo’liqti tun arosida ko’zimga dilrabo yolg’uz... Yo’liqti tun arosida ko’zimga dilrabo yolg’uz, Kulib boqib, qoshin qoqib, qilib o’tti imo yolg’uz. Oyog’i naqshiga surtub yuzim, bo’si kanor aylab, G’ubori rohidin qipdim ko’zimga to’tiyo yolg’uz. Mani ahvoli dardimdin borib albatta aytg’oysan, Sanamni oldiga borsang, ayo bodi sabo yolg’uz: Yotibdur go’shaida «yor-yor» deb bir g’aribi zor, Boshin yerga urub yig’lar, degil, aylab navo yolg’uz. Shikasta muztarib ahvol dardimdin bayon etg’il, Ani ko’nglig’a shoyad rahmini solg’ay Xudo yolg’uz. Sani husni kamolingga Huvaydoyi g’arib miskin Qilur, degil, saharlarda ochib ilgin duo yolg’uz. — Source: https://wikisource.org (works of Xoʻjanazar Huvaydo). Downloaded from uzbekai.com.