Bir buzuq vayronadur ul uydakim yor o’lmasa... Xoʻjanazar Huvaydo Bir buzuq vayronadur ul uydakim yor o’lmasa, Yor ila obod erur ul uyda ag’yor o’lmasa. Goh ko’runub, goh qochar oshiqlarin kuydurgali Ishq lazzat bermag’ay dilbarki ayyor o’lmasa. Oshnoliqni uzub yor andin aylar ihtiroz Ul kishikim yoridin birdam xabardor o’lmasa. Ko’p balo o’qin otar oshiq sari, oshiq emas Ko’ksin ochib yorini oldida tayyor o’lmasa. Bo’lmag’ay ohu fig’on tong otqucha bedorlik, Oshiqi dilxastani yori sitamkor o’lmasa. Yeb yotib orom ila oshiqlig’i bekor erur, Charbi shirin yeb ichardin kimki bezor o’lmasa. Avval o’zung qil amal, so’ngra nasihat elga de, Ey Huvaydo, so’zlama sanda amal bor o’lmasa. — Source: https://wikisource.org/wiki/Bir_buzuq_vayronadur_ul_uydakim_yor_o%E2%80%99lmasa.... Downloaded from uzbekai.com.