Tun oqshom keldi kulbamga nigori mehribon yolg’uz... Xoʻjanazar Huvaydo Tun oqshom keldi kulbamga nigori mehribon yolg’uz, Olib burqa’ jamolidin, o’zin qildi ayon yolg’uz. Kulub ohista-ohista kelib, uyqudin uyg’otti, «Sahar bo’ldi, yotarsanmu», dedi shirin zabon yolg’uz. Qo’limdan ushlabon aydi: «Na holing kechti yozu kuz, Kuyub hajr o’tida bo’lg’on, ayo ey notavon yolg’uz». O’zumdin bordim ul soat yurakda qolmadi holat, Qilolmodim anga ahvoli dardimdin bayon yolg’uz. Yonimda o’lturib chandon tarahhum birla so’z qotti, Berolmadim javob anga ki, lol o’ldi zabon yolg’uz. Kelib holimga, ko’z ochtim, qo’limga kosa may berdi, May ich, deb ul pari ketti, bo’lub yo’lga ravon yolg’uz. Huvaydoyi g’aribin ul pari shirin so’zi birlan Yuragiga solib o’t, o’rtadi jonu jahon yolg’uz. — Source: https://wikisource.org/wiki/Tun_oqshom_keldi_kulbamga_nigori_mehribon_yolg%E2%80%99uz.... Downloaded from uzbekai.com.